Mariyaning portretlari

Kamchatka yarim oroli, shiddatli va yovvoyi go'zallik zamini. Tinch okeani shiddat bilan qirg'oqdan bo’sa oluvchi ushbu joyda, qoya toshlar va tumanlar orasida joylashgan kichik bir baliqchilar shaharchasida Martin ismli rassom yashaydi, uning ustaxonasi jar yoqasidagi shinam bir uychaga ko'proq o'xshaydi. Okeanning qudrati, uning cheksiz moviyligi, qirg'oq bo'yidagi qoyalarga katta kuch bilan uriluvchi to’lqinlar ovozi – bularning barchasi Martin uchun bitmas-tuganmas ilhom manbaidir. Quyosh ba’zida bulutlarni yorib o'tib, ba’zida esa qalin bulutlar orqasiga yashirinib, suv yuzasida jonli va turli xil ranglardagi rasmlarni chizadi. O’ziga xos qoya toshlardan tashkil topgan, silliq toshlar hamda dengiz tomonidan urilgan yog'och parchalari bilan qoplangan qirg'oq esa uning tabiiy palitrasiga aylanadi. Dunyoning bir chekkasida, osmon bilan dengiz uchrashadigan ushbu joyda Martinning hikoyasi ravnaq topadi…
Tinch okeanidagi ushbu shaharcha aholisi uchun Martin sirli shaxs hisoblanadi. Uning qayerdan kelgani va avval nimalar bilan shug’ullanganini hech kim bilmaydi. U Kamchatka zaminida go’ya tuman va dengiz to'lqinlaridan o’sib chiqqan, bu yerda o’z cho'tkalari va rassomchilik tuvallari bilan paydo bo'lgan shaxsdir. Mahalliy aholi uni faqat rassom sifatida biladi, u kamgap va o’z ishiga bor e’tiborini qaratgan inson bo‘lib, uning rasmlari qirg’oqdagi kichikkina ustaxonasida go‘yoki mo’jiza kabi paydo bo’ladi. Uning o'tmishi haqida hech qanday ma'lumot ham, mish-mishlar ham, g'iybat gaplar ham yo'q – faqat uning san'ati mavjud. U xuddi Rembrandt kabi ishtiyoq va chuqur ehtiros bilan, Van Gog kabi ranglarga bo’lgan ifoda va sevgi bilan buyuk ijodkorlar kabi o’z asarlarini yaratadi. U tomondan yaratilgan asarlar bu boshqa bir reallikka, shu jumladan, yorug'lik va soyadan, tabiatning shiddatli elementlari va okeanning sokin osoyishtaligidan tashkil topgan dunyoga qaratilgan derazadir. Va bunday sirlilik uning shaxsiga faqatgina joziba qo'shib, uni afsonaga, Kamchatkaning Tinch okeani sohilidagi tirik afsonaga aylantiradi.
Ushbu shiddatli, ammo go'zal mamlakatda Martin Kosmos ismli yozuvchi bilan do'stlashdi. Ular, xuddi tanganing ikki tomoni kabi, bir-birlarini to'ldirardilar. Kosmos o'zining o'tkir zehni va dunyoga bo’lgan falsafiy qarashi bilan Martinning rasmlarida o'z fikrlari va his-tuyg'ularining aksini topar edi. Ular nozik masalalar va chuqur his-tuyg'ularni tushunishda umumiy til topgan holda san'at, ijodning tabiati, inson hayotining qadr-qimmati, mavjudligining ma'nosi haqida soatlab muhokama qilardilar. Ularning shiddatli okean qirg'og'ida dunyoga kelgan do'stligi ikkisi uchun kuch va ilhom manbai bo'ldi. Ammo Martin o’z taqdirini hal qiluvchi kunlarning birida Mariya bilan ilk bor uchrashdi. Ushbu uchrashuv qirg'oqda, okeanning sokin va o’tkir nigohi ostida sodir bo'ldi. Mariya tuman og’ushida paydo bo’lib, o’zidan keyin faqat quyosh botishi bilan so’nadigan u bilan yaqinroq tanishishga bo’lgan kuchli istakni qoldirgan holda yana o’sha tuman ichida ko’zdan g’oyib bo’ldi. Go’yoki chaqmoq kabi bir zumda va to’satdan sodir bo’lgan ushbu uchrashuv Martin uchun ilhom hamda chidab bo’lmas og’riqdan tashkil topgan yana bir yangi bobning boshlanishi bo’ldi. Mariya – Martin uchun ilhom parisi, yorug’lik, lekin qochib qutulib bo’lmas dard va u umrining oxirigacha ochishga harakat qiluvchi sirga aylandi.
Martin sevgi va muhabbat nimaligini bilardi, lekin bu muhabbat o‘tmishdagi achchiq tajribalar soyasida qolib ketgan. Oldingi munosabatlar Martinning qalbida chuqur iz va uzoq vaqt davomida bitmagan yaralarni qoldirgan edi. Mariyani uchratib Martin abadiy yo'qolgan deb hisoblagan tuyg'uni, ya’ni butun qalbni qamrab oladigan buyuk baxtni, yana his qildi. Bu sof va yorqin sevgi edi, lekin ushbu sevgi bir vaqtning o’zida azobli ham edi, chunki Mariya Martinning his-tuyg'ulari haqida hech narsa bilmas edi. Martin Mariyani uzoqdan sevar, uni uzoqdan kuzatar, undan ilhom olar va uning chiroyini qog’ozga tushirar edi. U, ehtimol, Mariyani doim shunday uzoqdan, yashirincha, bu tuyg'uni yuragida avaylab saqlagan holda sevishi mumkinligini tushunar edi.
Martinning hayotidagi burilish nuqtasi uni shaxs va rassom sifatida o'zgartirgan voqea bo'ldi. Aynan nima bo'lganligi noma'lum, ammo ushbu bo’lib o’tgan voqea chuqur ichki o'zgarishlar uchun katalizator bo'ldi. U yolg’iz qolishni afzal ko’rdi, soatlab okean qirg'og'i bo'ylab sayr qilib, o’z tasavvuriga aql bovar qilmaydigan rasmlarni chizish imkonini berdi. Martin o’z xayollarida doim Mariya bilan birga edi, ammo Mariya shunchaki tasodifiy uchrashuvlar va o‘ylarga to’la nigohlardan yaratilgan Martin tasavvurining bir mahsulidir. Haqiqiy Mariya Martin uchun sir bo'lib qoldi, ya’ni okean qirg'og'ida qisqa vaqt ichida ko'rgan o'ychan, sirli va erishib bo'lmaydigan xayoliy figura. Martin Mariyaning hayotdagi maqsadlari, quvonch va qayg'ularini, uning haqiqiy «o'zligini» bilmas edi. Unga ko’ra Mariya – bu Martin tasodifiy uchrashuvlarning qisqa daqiqalarida ko'rgan va yangi xayoliy xususiyatlar hamda tafsilotlarga tobora ko'proq ega bo'lib borayotgan ideallashtirilgan obrazdir. Mariyaning bunday noma'lumligi Martinning og’rig’iga og’riq qo’shar edi, amma shu bilan birga bu uning rasmlarini yanada sirli va chuqur ma’noga ega qilib, uning ijodini rivojlantirar edi.
Sokin shaharchada yosh, istiqbolli rejissyorning filmlari namoyishi bo‘lib o‘tdi. Uning ijod mahsuli o'ziga xos, chuqur ma’noga ega va insonda his-tuyg’ularni uyg’otardi, ammo uning ijodini rejissyor yenga olmagan yolg’izlik qamrab olgan edi. Film Martinga chuqur ta'sir qildi. Uyga qaytgach, u rejissyorning hayoti va taqdiri haqida o‘ylanib, uzoq vaqt uxlay olmadi. Martin o’sha inson kabi yolg'iz bo’lish va o'z dunyosi ichida qamalib qolishni istamasdi. U o’z hayotini tubdan o'zgartirgan qarorni qabul qildi. O’zining oldingi taktikasi, yashirin his-tuyg'ulari haqida unutib, Mariyaga o’z sevgisini izhor qilishga qaror qildi. Buni to'g'ridan-to'g'ri emas, balki ikki yil davomida xuddi yashirib kelinayotgan muhim sir kabi ehtiyotkorlik bilan saqlagan his-tuyg'ularidan iborat maktub orqali amalga oshirishga qaror qildi. Yillar davomida o’z qalbida to'planib kelgan barcha his-tuyg’ularini o’z ichiga olgan maktub uning ijodiga qo'shimcha – rassom qalbining eng samimiy burchaklarini ochib beradigan e'tirof bo’ladi.